QO`ZIQORINDAN ZAHARLANISHDAN SAQLANING!
Qo‘ziqorinning foydali jihatlari ko‘p bo‘lgani bilan ular iste’molida ehtiyot bo‘lish talab etiladi. Birinchidan, zaharli turlari, ikkinchidan, ekologik jihatdan noqulay sharoitda o‘sgan va konservasiyalash jarayonida to‘g‘ri tayyorlanmagan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Tibbiyot amaliyotda shunday holatlar bo‘lganki, ayrim hollarda zaharsiz deb hisoblangan qo‘ziqorinlardan zaharlanish holatlari ham kuzatilgan. Jumladan, yo‘llar bo‘yidagi, kimyoviy zavodlar yoki kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalar yaqinidagi hududlarda o‘sgan, yesa bo‘ladigan qo‘ziqorin turlarini ham iste’mol qilish yaramaydi. Chunki qo‘ziqorinlar atmosfera havosi, suv va tuproqdagi zaharli kimyoviy moddalarni o‘ziga tez singdirib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun ba’zida iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlardan zaharlanish holatlari ham uchrab turadi.
Respublikamizda o‘sadigan qo‘ziqorinlarning ham bir qator turlari zaharli hisoblanadi. Ular tarkibidagi zaharli moddalar qaynatilganda yoki qovurilganda ham saqlanib qoladi. Umuman, qo‘ziqorin hazmi murakkab, hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydigan yegulik hisoblanadi, shuning uchun tanovul qilishda mutaxassis maslahatiga tayanish kerak. Qo‘ziqorin iste’molidan so‘ng qandaydir noxushlik sezilsa, tezlik bilan shifokorga murojaat qilish shart.
Uch yoshdan kichik bolalar, qo‘ziqoringa allergiyasi bor kishilar bu mahsulotni iste’mol qilmasligi lozim.
Qo‘ziqorinli taomlarni no‘xat va don mahsulotlari, spirtli ichimliklar bilan aralashtirib yeyish tavsiya etilmaydi. Bunda hazm qilish bilan bog‘liq me’da-ichak muammolari kelib chiqishi mumkin.
Homilador va emizikli ayollarga, yosh bolalar, shuningdek, oshqozon-ichak trakti faoliyati buzilgan bemorlarga qo‘ziqorinli taomlar hamda salatlarni iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Qo‘ziqorinni iste’mol qilishdan avval, albatta, yaxshilab yuvib, tozalab, qaynatish yoki maydalab, qovurish kerak.